Jahonning yirik iqtisodiy tashkilotlari
Reja:
1. Yirik iqtisodiy tashkilotlar va ularning topologiyasi
2. Xalqaro valyuta fondi
3. Jahon Banki
4. Jahon savdo tashkiloti
5. Xalqaro mehnat tashkiloti
6. OPEK tashkiloti
7. Amerika davlatlari tashkiloti
8. Islom taraqqiyot banki
9. Amerika davlatlari taraqqiyot banki
10. Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi
11. O’zbekiston Respublikasining Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorligi
Yirik iqtisodiy tashkilotlar va ularning topologiyasi. Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar topologiyasi haqida gapirganda, ikkita mezondan (geografik qamrovi kengligi va faoliyat ko’rsatish xususiyatlariga ko’ra) foydalanish maqsadga muvofiqdir. Birinchisidan kelib chiqib, ikki tomonlama, hududiy va global tuzilmalar ajratib ko’rsatiladi. Ikkinchi mezonni qo’llagan holda maxsus sohalar bo’yicha va global tashkilotlarga ega bo’lamiz. Bularning ichida, ayniqsa, 1945-yilning 24-oktyabrida tashkil topgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tasarrufidagi iqtisodiy hamkorlik tashkilotlari alohida o’ringa ega. BMT – ikkinchi jahon urushidan so’ng Antigitler koalitsiyasiga a’zo davlatlar tomonidan tashkil etilgan eng universal, obro’-e’tiborli va eng yirik xalqaro tashkilot hisoblanadi.
BMTning shtab-kvartirasi Nyu-Yorkda joylashgan bo’lib, uning tarkibida 190 dan ortiq a’zo-mamlakat mavjud. BMTning nizomini 1-moddasida tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi “iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar xarakterdagi xalqaro muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlik qilish” degan punkt muhim ahamiyat kasb etadi. BMT iqtisodiy sohada asosan quyidagi to’rtta yo’nalish bo’yicha faoliyat olib boradi:
- global muammolarni hal etish;
- davlatlarning iqtisodiy hamkorligiga ko’maklashish;
- mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishidagi uzilishlarni yengib o’tish;
- hududiy rivojlanishni rag’batlantirish.
Yuqorida sanab o’tilgan yo’nalishlarning har biri BMT muassasalarining faoliyatida axborot, texnik-maslahat va moliyaviy sohadagi hamkorliklarni ham o’z ichiga oladi. BMT bosh va yordamchi organlardan, Shuningdek, 18 ta maxsuslashgan institut va bir qator avtonom tuzilmalardan (Kengashlar, komissiyalar va dasturlar) iborat. BMTning bosh tuzilmaviy bo’limlari - Bosh Assambleya (BA), Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash (EKOSOS) hamda Sekretariat hisoblanadi.
BMTning Bosh Assambleyasi yilida bir marta o’z sessiyalarini o’tkazadi (sentabr va dekabr oylarida). Sessiyalarning har birida rais, uning o’rinbosarlari va asosiy qo’mitalarning boshliqlari saylanadi. Jahon iqtisodiyotida ro’y berayotgan asosiy masalalar ham umumiy majlislarda ham maxsus ikkinchi qo’mita doirasida muhokama qilinadi.
BMTning iqtisodiy va ijtimoiy Kengash bo’limi (EKOSOS) 1946-yilda tashkil topdi. 60 dan ortiq mamlakat uning a’zolari bo’lib a’zolarning 1/3 qismi (Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiyadan tashqari) har yili uch yil muddatga qayta saylaniladi. Yuqoridagi beshta davlat urush va tinchlik masalalari bilan shug’ullanuvchi Xavfsizlik Kengashida bo’lgani kabi doimiy ravishda EKOSOS tarkibiga kiradi. Kengash odatda bir yilda ikki marta (ijtimoiy-huquqiy va gumanitar mavzuda, Shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo’yicha) sessiya o’tkazadi. XIM muammolari bo’yicha qaror va tavsiyalar qabul qilish huquqiga ega bo’lgan barcha tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish mas’uliyati ham EKOSOS zimmasidadir. Bugungi kunga kelib, EKOSOS 6 doimiy qo’mita, 7 ta funksional va 5 ta hududiy komissiyalarni ta’sis etgan. Bulardan tashqarii 18 ta maxsuslashtirilgan muassasa, jumladan Jahon oziq-ovqat dasturi va YUNKTAD JST Xalqaro savdo markazi ham EKOSOS tarkibida faoliyat ko’rsatadi. BMTning iqtisodiy organlari tizimida uchinchi bo’g’in sifatida sekretariat faoliyat olib boradi. Sekretariat bir necha bo’limlardan (iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo’yicha Departament va boshqalar) tarkib topgan bo’lib, ma’muriy-ijrochi tuzilma sifatida ish olib boradi.
Jahon xo’jaligi muammolarini hal qilishda BMTning savdo va taraqqiyot bo’yicha anjumani (YUNKTAD) va BMTning sanoat taraqqiyoti bo’yicha tashkiloti (YUNIDO) to’g’risida alohida to’xtalib o’tish maqsadga muvofiqdir. 1964-yilning oxirida BMTning Bosh Assambleyasi xalqaro savdo bo’yicha hamkorlikka ko’maklashish uchun YUNKTADni ta’sis etish haqida qaror qabul qildi. Anjumanning oliy organlari to’rt yilda bir o’tkaziladigan sessiya va yilda ikki marta to’planadigan Kengash hisoblanadi.
Kengash nazorati ostida doimiy qo’mitalar, vaqtinchalik ishchi guruhlari va sekretariat faoliyat ko’rsatadi. YUNKTADga hozirgi kunda 186 ta davlat a’zo bo’lib, uning shtab-kvartirasi Jenevada joylashgan. YUNKTAD rahbarligi ostida o’tkazilgan hukumatlararo maslahatlar natijasida bir qator muhim savdo bitimlari imzolandi, xomashyo tovarlari savdosi sohasidagi holatlarni o’rganish uchun ekspert guruhlari tashkil etildi. Anjuman Yevropa va Amerika bozorlarida rivojlanayotgan mamlakatlarning mahsulotlari uchun maxsus imtiyozlar berish rejimini (dasturni) qo’llab-quvvatlaydi. 1967-yilda tashkil etilgan YUNIDO 166 ta davlatni birlashtirgan bo’lib, uning shtab-kvartirasi Vena shahrida joylashgan. Bu tashkilotning bosh vazifasi Osiyo, Afrika, Janubiy Amerika va Okean orollarida yashovchi kambag’al va rivojlanish darajasi past bo’lgan mamlakatlar guruhini iqtisodiy qoloqlikdan olib chiqish jarayonini rag’batlantirish maqsadida BMT doirasida sanoat rivojlanishini muvofiqlashtirishdan iborat. YUNIDOning oliy organi ikki yilda bir marta chaqiriladigan Bosh Anjuman sanaladi. Boshqaruv tuzilmalari esa sanoat taraqqiyoti bo’yicha Kengash va byudjet masalalari bo’yicha qo’mita hisoblanadi. YUNIDO faoliyati hukumatlararo, shuningdek xususiy sanoat tarmoqlari bilan uzviy bog’langan.
Tashkilot investitsiyalar, texnik va sanoat hamkorligi masalalari bo’yicha forumlar o’tkazadi. Xorijiy investitsiyalarning ko’payib borishiga, rivojlanayotgan mamlakatlarga texnika-texnologiyalarni etkazib berishga ko’maklashadi. Bu masalalarni amalga oshirishda YUNIDOning sanoat va texnologik axborotlar banki (STAB) samarali faoliyat ko’rsatmoqda. Shunday qilib, moliyalashtirishdagi qator muammolar, qog’ozbozlik va qarorlarning bajarilishini nazorat qilishning salbiy holatlariga qaramasdan, zamonaviy xalqaro iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishida BMT tizimidagi iqtisodiy tashkilotlarning (YUNKTAD, YUNIDO) ahamiyati ortib bormoqda. BMTning maxsuslashgan muassasalarining rolini kuchayib borishida xalqaro mehnat taqsimoti tuzilmasining murakkablashuvi, axborot-texnologik ayirboshlashning yangidan-yangi kanallarining vujudga kelishi, jahon xo’jalik hayotining jadallashuvi va shuningdek, insoniyat oldida turgan jiddiy global muammolar muhim rol o’ynamoqda.
BMT doirasiga kirmaydigan iqtisodiy tashkilotga 1961-yilda tashkil topgan, shtab-kvartirasi Parijda joylashgan Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot tashkilotini (IHTT) kiritish mumkin. IHTT ikkinchi jahon urushidan keyin AQSHning moliyaviy yordamidan (Marshal rejasi) samarali foydalanish va qit’adagi tiklanish jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan. Yevropa iqtisodiy hamkorlik tashkilotining vorisi hisoblanadi. “Boylar klubi”, jahon iqtisodiyotining “aql markazi” deb ataluvchi IHTT hozirgi kunda jahonning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan 29 ta mamlakatini o’z tarkibiga birlashtirgan. Chunonchi, bu tashkilotga a’zo-mamlakatlar hissasiga jahon tovar va xizmatlar ishlab chiqarishning 2/3 qismi to’g’ri keladi.
IHTTning oliy kengashi bo’lib, uning tarkibiga har bir a’zo-mamlakatdan bittadan vakil kiradi. Kengash a’zolari oyda bir marta Bosh kotib raisligida uchrashadilar. Bundan tashqarii kengash vazirliklar (tashqi ishlar vazirligi, moliya vazirligi, iqtisodiyot vazirligi kabilar) miqyosida yillik majlislarni ham o’tkazib turadi. Doimiy asosda ish yurituvchi ijroiya qo’mitaning asosiy vazifasi IHTT faoliyatini nazorat qilish va kengash majlislarini tayyorlashdan iborat. Uning 200 dan ortiq qo’mitalari, ishchi guruhlari va ekspert komissiyalari ijtimoiy-iqtisodiy xarakterda bo’lgan keng doiradagi masalalar bilan ham shug’ullanadi.
IHTT tuzilmasi haqida fikr bildirilganda albatta Yevropa va o’tish davri iqtisodiyotili mamlakatlar o’rtasida hamkorlik markazini ham ko’rsatib o’tish joizdir. Bu markaz 1990-yilda tashkil etilgan bo’lib, IHTT va Sharqiy Yevropa mamlakatlari o’rtasidagi aloqalarni muvofiqlashtirib turadi. IHTT faoliyatidagi eng muhim jihat tashkilotga a’zo-mamlakatlar hukumatlari o’rtasida iqtisodiy va ijtimoiy, siyosiy muammolari bo’yicha fikr almashishni yo’lga qo’yishdir. Kapital va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash, poraxo’rlikka qarshi kurash kabi masalalar bilan ham samarali faoliyat ko’rsatishdir.
Jahonda EI, NAFTA, MERKOSUR, MDH kabi hududiy iqtisodiy tashkilotlar bilan to’g’ridan-to’g’ri bog’liq bo’lmagan o’nlab hududiy miqyosdagi xalqaro iqtisodiy tashkilotlar mavjud. Ushbu tashkilotlarning faoliyat ko’rsatish mexanizmlarini o’rganish maqsadida biz g’arbiy yarim shar va Afrika qit’asidagi muhim ahamiyatga ega bo’lgan Amerika davlatlari tashkiloti (ADT) va Afrika Birdamlik Tashkiloti (ABT) to’g’risida batafsil to’xtalib o’tishni lozim topdik.
Xalqaro valyuta fondi. Xalqaro valyuta fondi (XVF) a’zo davlatlar o’rtasida valyuta-kredit munosabatlarini tartibga solib turish va ularga to’lov balansi taqchilligi bilan bog’liq sarmoyaviy qiyinchiliklar paytida chet el valyutasida qisqa va o’rta muddatli kreditlar berish yo’li bilan moliyaviy yordam ko’rsatishga mo’ljallangan hukumatlararo tashkilotdir. U Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan muassasasi sanaladi.
Zero, BMTning 1944-yil 22-iyulda valyuta-moliya masalalariga bag’ishlab Bretton-Vuds (AQSH) Shahrida o’tkazilgan konferensiyasida Xalqaro valyuta fondi xartiyasining asosi ishlab chiqilgan. XVF konsepsiyasini yaratishga Britaniya va AQSH vakillari katta hissa qo’shishgan. 1945-yil 27-dekabrda Xalqaro valyuta fondi xartiyasining maqbul varianti 29 ta davlat tomonidan imzolandi. Shu bois bu sana Xalqaro valyuta fondi rasman tashkil topgan kun sifatida tarix sahifalariga muhrlandi. Fond o’z faoliyatini 1947-yil 1-martda boshladi va Bretton-Vuds tizimidan birinchi bo’lib Fransiya kredit oldi. O’z tarkibiga 186 ta davlatni birlashtirgan XVFning nizom jamg’armasi hozir 217 milliard SDR (xalqaro qarz olish huquqlari – xalqaro zaxira va to’lov vositasi)ni tashkil etadi.
XVFning asosiy maqsadlari quyidagilardan – valyuta-moliya sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga yordamlashish, a’zo davlatlarda real daromadlar va bandlikning yuqori darajasiga erishish, ishlab chiqarish resurslarini rivojlantirish niyatida xalqaro savdoning o’sishiga ko’maklashish, valyuta barqarorligini ta’minlash uchun a’zo davlatlarga vaqtinchalik to’lov balansidagi muvozanatni ta’minlash imkonini beruvchi xorijiy valyutada pul mablag’lari ajratishdan iboratdir.
XVF tarkibiga kiruvchi davlatlardan sanoati rivojlangan 24 tasi 59,6 foiz ovozga ega. Fondning 86 foizini tashkil etuvchi boshqa mamlakatlar hissasiga esa faqatgina 40,4 foiz ovoz to’g’ri keladi. AQSH G’arbning yetakchi mamlakatlari bilan birgalikda amaliy jihatdan XVFda qarorlar qabul qilinishi jarayoni ustidan nazorat olib borish imkoniyatiga ega, ayni chog’da, o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda, uning faoliyatini yo’naltirishi ham mumkin.
Jahon Banki - Xalqaro Moliya Instituti hisoblanib, rivojlanayotgan mamlakatlarga sarmoyalar kirgazish, kreditlar taqdim etish bilan shug’ullanadi. Jahon banki - xalqaro moliya muassasasi. Tarkibiga BMTning ixtisoslashgan muassasasi maqomiga ega bulgan 3 mustaqil xalqaro moliya instituti (Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi) kiradi. Baʼzi adabiyotlarda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki norasmiy holda Jahon banki deb ham ataladi. 1944-yil Bretton-Vuds (AQSh, Nyu-Gempshir shtati) da tashkil etilgan bo’lib, hozirda shtab-kvartirasi (qarorgohi) Vashingtonda joylashgan. Bretton-Vuds xalqaro hamkorligi tomonidan Jahon bankiga belgilangan vazifalar unga berilgan nom - yaʼni Xalqaro Qayta Tiklanish va Taraqqiyot Banki (MBRR) da o’z aksini topdi. Asosiy vazifa sifatida iqtisodiy taraqqiyotni moliyalshtirish yuklatildi. Agarda Jahon bankining birlamchi kreditlari ikkinchi jahon urushidan so’ng Yevropaning iqtisodiyotini tiklashga yo’naltirilgan bo’lsa, keyinchalik u o’z eʼtiborini jahonning qoloq mamlakatlari iqtisodini tiklashga qaratdi. Hozirgi vaqtda esa Jahon bankining asosiy maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqqiyotiga, mazkur mamlakatlarning ishlab chiqarish darajasini oshirishga yordam berish va aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilashga ko’maklashishdir.
Jahon banki o’z tarkibiga yirik 2 ta tashkilotni: Xalqaro Tiklanish va Taraqqiyot Banki (XTTB) va Xalqaro Taraqqiyot Assotsiatsiyasini (XTA) oladi. Ulardan tashqari unga 3 ta boshqa tashkilotlar ham bilvosita kiradi: Jahon banki bilan uyushgan, ammo huquqiy, moliyaviy jihatdan mustaqil faoliyat ko’rsatuvchi - Xalqaro Moliyaviy Korparatsiya (XMK) (bu tashkilot rivojlanayotgan mamlakatlardagi xususiy korhonalarni moliyalashtirishga yordam beradi). Investitsion kelishmovchiliklarni tartibga solish xalqaro markazi va investitsiyalarni har tomonlama kafolatlovchi agentlik (MIGA). Xalqaro Taraqqiyot Assotsiatsiyasini (XTA) mamlakatlarga imtiyozli kreditlar berish bilan shug’ullanib, ular donor mamlakatlar tomonidan beriladigan xayriya mablag’lari asosida moliyalashtiriladi.
Jahon savdo tashkiloti. Jahon savdo tashkilotini tuzish g’oyasi 1944- yilda BMTning moliya va pul aylanmasi masalasiga bag’ishlab Bretton-Vudsda (AQSH) o’tkazilgan anjuman chog’ida paydo bo’lgan. Maqsad BMTning xalqaro iqtisodiy hamkorlikka ixtisoslashgan maxsus agentligini tashkil etishdan iborat bo’lgan. 1947-yilda Kubaning Gavana shahrida BMTning navbatdagi anjumanida Gavana xartiyasi qabul qilingan, ammo u kuchga kirmagan. Shu yili savdo va ta’riflar bo’yicha bosh bitim tuzilgan va u 1994- yilgacha amalda bo’lgan. 1995-yil 1-yanvaridan esa ushbu bitim negizida Jahon savdo tashkiloti faoliyat boshlagan. Hozirda 10 dan ziyod turli yo’nalishdagi bitimlar uning normativ-huquqiy bazasini tashkil etmoqda. Bu hujjatlar talabini bajarish tashkilotning barcha a’zolari uchun majburiy sanaladi. A’zo bo’lishni istagan davlatlar o’z milliy qonunchiligini ularga muvofiqlashtirishi kerak.
A’zo davlatlarning savdo siyo¬sati Jahon savdo tashkiloti tartib-qoi-dalariga mos bo’lishi darkor. Unga a’zo bo’lib kirish esa ushbu davlatning mazkur tashkilot va uning boshqa a’zolaridagi savdo siyosati va savdo rejimiga mos ekanligini bildiruvchi belgi hisoblanadi. Tashkilot qoidalari buzilgan holatda, huquqlari buzilgan a’zo tashkilotning nizolarni hal etish organiga murojaat qilishi mumkin. Jahon savdo tashkiloti a’zolar tomonidan boshqariladigan organ hisoblanadi. Shuning uchun nomzod davlatning savdo tartibi tashkilot qoidalariga to’liq mos ekani barcha a’zo mamlakatlar tomonidan ma’qullaganidan so’ng tegishli qaror qabul qilinadi.
Tashkilotning 164 ta a’zo mamlakati uchun yangi bozorlar ochiq bo’ladi. Investitsiyaning barqarorligi ta’minlanadi, ya’ni a’zo davlat bozori xalqaro talablarga javob beradigan bo’lgach, investitsiya oqimi ham ko’payadi. Har qanday davlat JST rahbar organining qarori o’z manfaatiga mos kelmaydigan bo’lsa, uni inkor qilishi mumkin. Tashkilot tarixida bunday holatlar kuzatilgan. Shuningdek, tashkilotda kam rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berish mexanizmi sifatida taraqqiyot dasturi mavjud bo’lib, mazkur yo’nalishdagi choralardan ko’zlangan maqsad barcha a’zo mamlakatlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan.
Xalqaro mehnat tashkiloti. Tashkilot 1919-yilda Versal Tinchlik Shartnomasi imzolanishi doirasida tuzilgan tashkilotning faoliyati asosan dunyo aholisining doimiy bandligini ta’minlash, ishchi guruh qatlami manfaatlarini himoya qilish va dunyoda ijtimoiy tenglikni barqaror joriy etish orqali tinchlikni saqlashga hissa qo’shishga qaratilgan. Bosh qarorgohi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan tashkilotga a’zo davlatlar soni hozirgi kunda 187 taga etgan. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ijtimoiy adolat, xalqaro miqyosda qabul qilingan inson huquqlari, mehnat huquqlarini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan bo’lib, uning asosiy vazifasi jamiyatning yuksalishi uchun eng muhim omillardan bo’lmish mehnat va bandlik sohasidagi tinchlikka erishish, uni saqlab turishdan iboratdir. Bugungi kunda XMT barcha insonlar uchun munosib mehnat sharoitlarining ta’minlanishi, ishchi va tadbirkorlar faoliyatining unumdorligini oshirish yo’lida sa’y-harakat qilib, butun jamiyat taraqqiyotiga o’z hissasini qo’shib kelmoqda. Insonlarning ish joyidagi huquqlarini himoyalash, munosib ish topish, bandlik bilan ta’minlanish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va mehnat masalalari borasidagi muloqotni yanada jadallashtirish tashkilotning asosiy maqsadlaridir.
OPEK. Neftni eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti, qisqartmasi - OPEK (inglizcha OPEC, The Organization of the Petroleum Exporting Countries) - neft narxini muqobil ushlab turish maqsadida neft qazib oluvchi derjavalar tomonidan yaratilgan tashkilot hisoblanadi. Ushbu tashkilotga iqtisodiyoti asosan neftni eksport qilishdan tushgan daromadga bog’liq bo’lgan davlatlar aʻzo hisoblanadi. Tashkilotning asosiy maqsadi - dunyodagi neft narhlari ustidan nazorat olib borish.
OPEK - neft qazib olishni va aʼzo mamlakatlarning neft eksportda siyosatini muvofiqlashtiruvchi hamda aʼzo mamlakatlar manfaatlarini himoya qiladigan xalqaro tovar tashkilotdir. Tashkilot rasman 1960-yilda Venesuela tashabbusi bilan Bag’dod konferensiyasida tashkil etilgan. Nizomi Karakas (Venesuela) da 1961-yilda qabul qilingan va keyinchalik ko’pgina o’zgartirishlar kiritilgan. Boshida OPEC bosh ofisi Jeneva (Shveysariya)da joylashgan edi, keyinchalik 1965-yilda 1-sentabrda Vena (Avstriya) ga ko’chib o’tdi. OPEC ga aʻzo davlatlar 2/3 yaqin dunyo neft zahiralari ustidan nazorat olib borishadi. Ular ulushiga dunyo daromadlaring 40% yoki dunyo nefti eksportining yarmi to’g’ri keladi.
Boshida tashkilot tarkibiga Eron, Iroq, Quvayt, Saudiya Arabistoni va Venesuela kirishgan. Ushbu tashkilotga asos solgan besh davlat tarkibiga keyinchalik yana besh davlat kelib qo’shildi. bular : Qatar (1961), Indoneziya (1962), Liviya (1962), Birlashgan Arab Amirligi (1967), Jazoir (1969), Nigeriya (1971), Ekvador (1973-1992, 2007), Gabon (1975-1994), Angola (2007). 20-asrning 80-yillari 2-yarmida bu tashkilotga kirmaydigan mamlakatlar va Saudiya Arabistonidan neft taklifining o’sishi natijasida OPEKning taʼsiri keskin pasaydi. Hozirgi xalqaro iqtisodiy munosabatlarda taʼsir doirasi hamon kuchli. Tashkilotning oliy organi - yiliga 2 marta chaqiriladigan konferensiya bo’lib, unda ishtirokchi mamlakatlar ishlab chiqarish strategiyasi va narxlar ko’rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Idorasi Avstriyada joylashgan.
Amerika Davlatlari Tashkiloti. Tashkilot (ADT) 1948-yilda Bogota shahrida (Kolumbiya) o’tkazilgan Amerika davlatlarining 9-xalqaro Anjumanida tashkil etilgan bo’lib, o’z tarkibiga 35 ta davlatni birlashtirgan. Shtab-kvartirasi Vashingtonda joylashgan. Tashkilotning faoliyati nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy xarakterga ham ega. 60- yillarda “Sovuq urush” davri siyosatidan so’ng iqtisodiy masalalar bu tashkilotning asosiy faoliyati bo’lib qoldi. ADTning oliy bosh organi Bosh Assambleya hisoblanadi. Uning bir yilda bir marta chaqiriladigan sessiyalarida jiddiy masalalar bo’yicha qarorlar qabul qilinadi. Doimiy Kengash tashkilotning joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi va nazoratni amalga oshiradi. Shuningdek, doimiy kengash doimiy qo’mitalar va ishchi guruhlarga tayangan holda Bosh Assambleyaning sessiyalarini tayyorlaydi. A’zo mamlakatlar o’rtasida hamkorlikni rivojlantirishga ko’maklashishga qaratilgan Amerikaning davlatlararo iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi ham muhim ahamiyat kasb etadi. 1994-yilda Amerika qit’asidagi 34 ta mamlakat (Kubadan tashqari) davlat va hukumat rahbarlarini uchrashuvda “taraqqiyot va rivojlanish maqsadida hamkorlik tamoyillari: demokratiya, erkin savdo va Amerikada barqaror rivojlanish to’g’risida deklaratsiya” qabul qilindi. Ushbu anjuman qatnashchilari kelajakda – 2005-yildan so’ng Panamerika erkin savdo hududini tashkil etishga qaror qilishdi.
Afrika Birdamlik Tashkiloti (ABT) 1963-yilda Addis-Abeba shahrida (Efiopiya) o’tkazilgan Afrika davlatlari rahbarlarining anjumanida tashkil topdi. Afrikaning 53 ta a’zo–mamlakatini birlashtirgan bu tashkilotning shtab-kvartirasi ham shu shaharda joylashgan bo’lib, unga Afrikaning deyarli barcha davlatlari a’zo (Marokkodan tashqarii). ABT faoliyati ADTdagi kabi kompleks harakatiga ega, iqtisodiy masalalar hamisha boshqaruv tuzilmalarning diqqat markazida turadi. ABTning oliy organi davlat va hukumat rahbarlari Assambleyasi hisoblanib, u yilda bir marta sessiya o’tkazib turadi. Tashkilotning boshqa muassasalari ichida Afrika davlatlarining iqtisodiy rivojlanishiga bevosita ko’maklashuvchi iqtisodiy va ijtimoiy komissiya sezilarli mavqega ega.
ABTning hududiy siyosati to’g’risida fikr bildirilganda, albatta 1991-yilda a’zo-mamlakatlar tomonidan qabul qilingan “Afrika iqtisodiy hamjamiyatini” tashkil etish to’g’risidagi bitimni eslatib o’tish kerak. Ushbu bitim 34 yilga mo’ljallangan bo’lib, u olti bosqichdan iborat. Xullas, jahon iqtisodiyotidagi ushbu hududiy iqtisodiy tashkilotlar global miqyosdagi tuzilmalar bilan hamkorlikda mamlakatlarga milliy to’siqlarni yengib o’tish, xo’jalik aloqalarini jadallashtirish va XX-XXI asrlar bo’sag’asida insoniyat duch kelayotgan juda ko’p muammolarni hal etish uchun harakatlarni birlashtirish imkonini beradi. Shunday qilib, jahon iqtisodiyotida faoliyat ko’lami va sohasi turli-tuman muassasalarni o’z ichiga oluvchi xalqaro iqtisodiy tashkilotlar XIM tizimida yanada ahamiyatliroq bo’lib bormoqda. Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar ichida BMT tizimiga kiruvchi tuzilmalar (EKOSOS, YUNKTAD, YUNIDO va boshqalar) markaziy o’rinni egallaydi. BMT doirasidan tashqari juda ko’p nufuzli, global va hududiy miqyosdagi tashkilotlar (EI, NAFTA, ADT, ASEAN va boshqalar) ham mavjud bo’lib, ushbu tashkilotlar jahon iqtisodiyotida keng doirada faoliyat ko’rsatib kelmoqda.
Islom Taraqqiyot Banki (ITB). Tashkilot 1975-yilda IHT mamlakatlari moliya vazirlari yig’ilishining qaroriga ko’ra tashkil etilgan. ITBning shtab-kvartirasi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. ITBning hududiy ofislari 1994 -yili Rabot (Marokash) da, shu yili Kuala-Lumpur (Malayziya) da, 1997-yili Olma-Ota (Qozog’iston) da va 2008-yili Dakar (Senegal) da ochildi. Bank shuningdek 12 ta a’zo mamlakatda mahalliy vakolatxonalarga ega: bular Afg’oniston, Ozarbayjon, Bangladesh, Gvineya, Indoneziya, Eron, Nigeriya, Pokiston, Serra-Leona, Sudan, O’zbekiston va Yamandir. ITBning asosiy vazifasi a’zo-mamlakatlarda shariatga muvofiq ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotni qo’llab-quvvatlashdan iborat.
Bank tashkil etilayotgan vaqtda uning nizom jamg’armasi 6 mlrd.islomiy dinorni, a’zolari soni 22 tani tashkil etgan. Islomiy dinor – ITB foydalanadigan hisob birligi; bir islomiy dinor HVJning bir qarz olish maxsus huquqiga (CDR IMF) teng (HVJ tomonidan chiqariladigan sun’iy zahira va to’lov vositasi). Hozirgi vaqtda ITBga ishtirokchi a’zolar 56 ta davlat hisoblanadi. 2013-yili ITBning e’lon qilingan hissadorlik kapitali – 30 mlrd.islomiy dinorni, shu jumladan, obuna hissadorlik kapitali – 18 mlrd.islomiy dinorni tashkil etdi. Bankning asosiy hissadorlari Saudiya Arabistoni (23,6% aksiya), Liviya (9,5%), Eron (8,3%), Nigeriya (7,7%), BAA (7,5%), Qatar (7,2%), Misr (7,1%), Turkiya (6,5%) va Quvayt (5,5%) hisoblanadilar.
Amerika Davlatlari Taraqqiyot Banki (Inter American Development Bank) – Lotin Amerikasi mamlakatlarini rivojlantirish dasturlarini moliyalash uchun xizmat qiladigan davlatlararo mintaqaviy bank bo’lib, u Amerika Davlatlari Tashkilotining mintaqaviy muassasasi. 1959-yilda tashkil etilgan bo’lib, uning boshqaruvi Vashingtonda. Bankning rahbar organi – 5 yilga saylanadigan boshqaruvchilar Kengashidan iborat. Joriy rahbarlikni direktoriat (rahbariat) olib boradi. 44 davlat a’zo (25 tasi Lotin Amerikasi davlatlari, 19 tasi boshqa mintaqalardan, jumladan Yevropadan 14, Osiyodan 2 mamlakat). A’zo davlatlarning badallari miqdori turlicha. Dastlab bankning Ustav kapitali 1 mlrd. AQSH dollari miqdorida belgilangan, 1972- yilda 10 mlrd.dollarga yetdi. Ovozlarning 34,5% AQShga tegishli. Bank kredit resurslarini asosan xalqaro kapital bozorlaridan safarbar etadi.
Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi. Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasi. Ushbu jamlanma Osiyo qit’asinig janubi-sharqida joylashgan o’n mamlakatni birlashtirgan iqtisodiy va siyosiy tashkilot sifatida jahon hamjamiyatida muhim rol o’ynaydi. Avvaliga ushbu kelishuv 1967-yilning 8-avgustida Indoneziya, Malayziya, Fillipin, Singapur va Tayland hukumatlari tomonidan tashkil etilgan. Hozirgi kunga qadar aʻzolar soni o’ntaga etgan va tashkilot ichida endi. Bruney, Myanma, Kambodja, Laos va Vetnam mamlakatlari o’z qiziqishlari bilan ishtirok etishmoqda. Tashkilotning asosiy maqsadlari iqtisodiy o’sishni kuchaytirish, ijtimoiy vaziyatni yaxshilash, aʻzo mamlakatlar orasida madaniy aloqalarni rivojlantirish, regional hududni himoya qilish kabi masalalarni oldigan maqsad qilgan mamlakatlar vakillari global muammolarni tinchlik yo’lidagi muzokaralar bilan hal qilish ustida faoliyat yuritishmoqda.
Janubi-sharqiy Osiyo Mamlakatlari Asssotsiatsiyasi (JShOMA) maydoni 4460000 km² bu hudud yer shari umumiy maydonining 3% ni tashkil etadi. Aholisi 600000 kishi atrofida va yer aholisining 8,8%iga tengdir. 2012-yilda mamlakalarning erkin nominal YIM oldingi ko’rsatkichlarga nisbatan $2,3 trln. AQSh dollariga o’sish qayd etilgan. Agar JShOMA mamlakatlarnining iqtisodiyoti birlashtirilsa jahon iqtisodiyotida sakkiztadan bitta kuchli iqtisodiy potensial yuqori tashkilotlardan sanaladi. 1997-yilda Sharqiy Osiyodagi moliyaviy inqirozdan so’ng Malayziya ushbu tashkilotni kuchli iqtisodiy salohiyatga ega mamlakatlar (Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya va Janubiy Koreya) bilan birlashtirish fikrini oldinga surgan. Bu tashkilotga aʻzo bo’lgan har bir mamlakat nafaqat regionda balki jahon mamlakatlari orasida iqtisodiy yutuqlarga erishish niyatida birlashishgan.
O’zbekiston Respublikasining Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorligi. Xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar jahon iqtisodiyotiga bevosita ta’sir ko’rsatadi (masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi). Shuningdek, bunday tashkilotlarning mavjudligi mamlakatlararo iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishda va savdo aloqalarini barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro iqtisodiy tashkilotlarning afzalligi ularning o’zaro bog’liqligidadir. Ayrim hollarda bunday tashkilotga a’zo mamlakatlardan birida inqiroz ya’ni, iqtisodiy tushkunlik holatlari kuzatilsa, bu holat tashkilotning boshqa a’zolariga ham o’z ta’sirini o’tkazishi mumkin. Shu sababdan iqtisodiy salohiyati jihatidan bir-biriga yaqin bo’lgan mamlakatlar o’rtasida xalqaro tashkilotlarni tuzish maqsadga muvofiqdir.
Ma’lumki, bundan 25-30 yil oldin mamlakatimizda tashqi iqtisodiy aloqalar tugul, tashqi aloqalarning o’zi yo’q edi. Umuman, sobiq mustabid tuzum davrida u nihoyatda og’ir ahvolga tushib qolgan, biryoqlama rivojlangan, paxta monopoliyasi avj olgan, asosan, xom-ashyo yetkazib berishga moslashgan zaif va nochor iqtisodiyotga ega yarim mustamlaka darajasidagi respublika bo’lgan.
Mamlakatimizda xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalar o’rta asrlardan boshlangan va u bugungi integratsiyalashuv jarayonida ham o’z o’rniga ega bo’lib kelmoqda. Ayniqsa, O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng xalqaro savdoni erkinlashtirishning asosiy omillaridan biri xalqaro iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo’lish va ana shu tashkilotlar doirasida faoliyat ko’rsatish jarayonlarini faollashtirishi zarur edi. O’zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti (YXHT), Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH), Shanxay Hamkorlik va Xavfsizlik Tashkiloti (SHHXT), Markaziy Osiyo Hamkorlik Tashkiloti (MOHT), Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT), Jahon Savdo Tashkilotining kuzatuvchisi (JST), Jahon Banki (JB), Xalqaro Tiklanish va Taraqqiyot Banki (XTTB), Xalqaro rivojlanish uyushmasi, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK), Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, YUNESKO va shu kabi o’nlab nufuzli xalqaro tashkilotlarning a’zosi bo’lishga erishdi.
O’zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvida Xalqaro valyuta fondi (XVF) bilan hamkorligi alohida o’rin tutadi. Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosat har jihatdan dunyoda o’z mavqeiga ega va xalqaro iqtisodiy aloqalarni yo’lga qo’yishda ham o’rnak bo’la oladi.
Bir so’z bilan aytganda mamlakat iqtisodiyoti uchun eksportning ahamiyati YaIMning oshishiga yordamlashadi va korxona hamda tashkilotlarning yangi ish o’rinlarini yaratish imkoniyatini va mamlakatga chet el valyutasi oqimining oshishiga yordam beradi. Shu sababdan ham mamlakatlar eksport va importning balansini saqlashga harakat qiladilar. 2017- yil yakuni bo’yicha O’zbekiston Respublikasi jahonning 160 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo-sotiq aloqalarini amalga oshirib kelmoqda.
Umuman olganda, xalqaro iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish O’zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzini mustahkamlash hamda ilg’or demokratik davlatlar qatorida munosib o’rin egallashiga zamin yaratadi. O’zbekiston Respublikasining suveren davlat sifatida ochiq bozor iqtisodiyotini shakllantirish borasidagi faol ishlari esa mamlakatimizning jahon iqtisodiy hamjamiyatiga integratsiyalashuviga asos bo’lib xizmat qiladi.
Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, O’zbekiston Respublikasi ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar doirasi shunchalik kengki, u BMT va uning tarkibidagi barcha tashkilot va muassasalarni hamda MDH, Markaziy Osiyo Hamkorlik tashkiloti, Shanxay Hamkorlik tashkiloti, “Yevroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati” va boshqa ko’plab mintaqaviy tuzilmalarni qamrab olgan.