Jahonning yirik siyosiy tashkilotlari


Reja:
1. Birlashgan millatlar tashkiloti
2. INTERPOL tashkiloti
3. Shimoliy Atlantika Shartnomasi tashkiloti
4. Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Agentlik
5. Shanxay hamkorlik tashkiloti
6. Yevropa Ittifoqi
7. Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti
8. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti

Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) - yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlarning o’zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot. 1945-yilda tuzilgan. BMTni barpo etish haqidagi qaror SSSR, AQSH, Angliya va Xitoy tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi Kengashida 1943-yilda, Ustavi esa San-Fransisko konferensiyasida 1945-yilda qabul qilindi. BMT Ustaviga dastlab 51 ta davlat imzo chekkan, 2000-yilda esa ular soni 189 ta ga yetdi. BMTning doimiy ish o’rni (shtab kvartirasi) – Nyu-York. BMT Ustavida ko’rsatilganidek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huquqli bo’lishi va o’z taqdirini o’zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o’rtasida do’stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o’rtasida hamkorlik bo’lishini taʼminlashni ko’zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg’unlashtirib turadigan markaz hisoblanadi.
BMTning rasmiy tillari - ingliz, fransuz, rus, ispan va xitoy tillari bo’lib, ingliz, fransuz, ispan tillarida ish yuritiladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti to’rtta asosiy maqsadga amal qiladi: xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga ko’maklashish, millatlar o’rtasida do’stona aloqalarni rivojlantirish, xalqaro muammolarni hal etishda va inson huquqlarini hurmatlashni rag’batlantirishda, xalqaro hamkorlikni barqaror etish hamda ushbu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar saʼy-harakatlari, kelishuvlari uchun markaziy rolni o’ynash. Birlashgan Millatlar Tashkilotida oltita bosh organ mavjud. Ulardan beshtasi - Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash, Vasiylik Kengashi va Kotibiyat — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi Markaziy qarorgohida, oltinchi organ — Xalqaro Sud esa Niderlandiyaning Gaaga shahrida faoliyat ko’rsatadi.
Xavfsizlik Kengashi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga muvofiq xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barqaror etish borasida Xavfsizlik Kengashi bosh javobgarlikni zimmasiga oladi va u tinchlik xavf ostida qolgan kecha yoki kunduzning har qanday daqiqasida chaqirilishi mumkin.
Kengash 15 aʼzodan tashkil topgan. Ularning beshtasi - Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Birlashgan Qirollik, Amerika Qo’shma Shtatlari va Fransiya - doimiy aʼzolar hisoblanadi. Kengashning qolgan o’n aʼzosi Bosh Assambleya tomonidan ikki yil muddatga saylanadilar.
Bosh Assambleya. Bosh Assambleya - o’ziga xos butunjahon parlamentining insoniyatning eng dolzarb muammolari ko’rib chiqilayotgan majlislarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi bo’lgan barcha mamlakatlar vakillari qatnashadi. Har bir aʼzo mamlakat bir ovozga ega. Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni muayyan darajada saqlab qolish tavsiyalari Yangi aʼzolarni qabul qilish yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti budjetini tasdiqlash, shu jumladan, tinchlikni saqlash operatsiyalariga mablag’ ajratish singari muhim masalalar ko’pchilik, aniqrog’i, uchdan ikki qism ovoz bilan qabul etiladi.
Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash. Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash Bosh Assambleyaning umumiy rahbarligi ostida harakat qilib Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning tizimidagi muassasalar faoliyatini ijtimoiy va iqtisodiy sohada muvofiqlashtirib turadi.
Vasiylik Kengashi. Vasiylik Kengashi 7 aʼzo mamlakat qo’l ostidagi 11 vasiylik hududida xalqaro nazoratni taʼminlash, shuningdek, ularning hukumatlari bu hududlarda o’z-o’zini boshqarish yoki mustaqillikning zarur chora-tadbirlarini ko’rishlari uchun xalqaro nazoratni taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.
Xalqaro sud. Xalqaro sud - Butunjahon sudi sifatida hammaga maʼlum bo’lib, u Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh sud organidir. Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi tomonidan saylangan 15 sudyadan tashkil topgan Xalqaro Sud davlatlar o’rtasidagi mojarolarni bartaraf etish bilan shug’ullanadi. Davlatlarning - sud muhokamasida qatnashishlari ixtiyoriydir, biroq davlatlar shunga rozi bo’lsalar, ular Sud qaroriga bo’ysunishlari shart. Shuningdek, Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi iltimoslari bilan Sud konsultativ xulosalar chiqarish ishlari bilan ham shug’ullanadi.
Kotibiyat. Kotibiyat Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi, Xavfsizlik Kengashi va boshqa tashkilotlari ko’rsatmalariga muvofiq tezkor va maʼmuriy ishlarni amalga ohiradi. Uni umumiy maʼmuriy rahbarlikni olib boradigan Bosh kotib boshqaradi. Hozirgi vaqtda Kotibiyat qariyb dunyoning 160 mamlakatidan bo’lgan 8900 kishi ishlaydigan yetti deportament va turli boshqarmalardan tashkil topgan. Bundan tashqari Nyu-York, Jeneva, Vena va Nayrobida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bo’limlari mavjud.
INTERPOL (interpol) - xalqaro jinoyiy politsiya tashkilotining barcha tillar uchun qisqartirilgan umumiy nomi. 1923 yilda Vena shahri (Avstriya)da asos solingan. Hozgi nomi manzilni qisqa qilib ifodalash tarzida 1-marta 1947 yilda paydo bo’lgan. 1949 yili BMT unga rasmiy ravishda xalqaro hukumatga qarashli bo’lmagan tashkilot maqomini berdi. Tashkilotning amaldagi ustavi 1956-yil 13-iyunda kuchga kirdi. Tashkilotning jinoyatchilarni ro’yxatga olish xalqaro markazi sifatida ish ko’radi, shuningdek, jinoyatchilarni (jinoyatlarda gumon qilinuvchilarni; bedarak yo’qolganlarni; o’g’irlangan boyliklarni) xalqaro miqyosda qidirish ishlarini muvofiqlashtiradi. 1998-yilga kelib a’zolari soni 185 davlatga yetdi. Shu jumladan, 1994-yilda O’zbekiston Respublikasi Tashkilotning aʼzosiga aylangan. O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibida Tashkilotning O’zbekiston Respublikasidagi milliy markaziy byurosi tuzilgan. Tashkilotning oliy organlari — bosh assambleya, uning sessiyalari har yili chaqirib turiladi; ijrochi qo’mita, unga tashkilotning prezidenti boshchilik qiladi; bosh kotibiyat, unga bosh kotib rahbarlik qiladi. Tashkilot 1946-yildan “Xalqaro jinoyiy politsiya umumlashtiruvchi maʼlumoti” jurnalni nashr etadi. Tashkilotning doimiy qarorgohi Fransiya qilib belgilangan.
NATO, Shimoliy Atlantika alyansi - (inglizcha North Atlantic Treaty Organization, Shimoliy Atlantika Shartnomasi tashkiloti) Yevropa, AQSh hamda Kanada kabi ko’pchilik mamlakatlar Birlashgan jahondagi eng yirik harbiy va siyosiy jamlanma. Tashkilot “Yevropani tashqi taʼsirlardan himoya qilish” uchun tuzilgan. Ushbu tashkilotga 1949-yil 4-aprel kuni AQSh tomonidan asos solingan. Tashkilot yaratilgan paytda 12 ta mamlakat aʼzo bo’lgan bo’lib, hozirgi kunda esa aʼzolari soni 29 taga yetgan. Shimoliy Atlantika Shartnomasi ittifoqiga qo’shilgan mamlakatlar 1949-yilda oldilaridagi Shimoliy Atlantika doirasidagi davlatlar orasida tinch aholini xavfsizligini mustahkamlash maqsadi bilan birlashishgan. Ittifoqqa aʼzo mamlakatlar yahlit mudofaa tizimini yaratish va dunyo xavfsizligini saqlashni o’z oldilariga maqsad qilishgan. Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti dunyodagi katta tashkilotlardan biri hisoblanadi. Bu siyosiy va harbiy ittifoqqa Yevropa va Shimoliy Amerikada. Ushbu mamlakatlar xavfsizlik va mudofaa masalalari bo’yicha hamkorlik qilish uchun muzokaralar olib borishadi. Buning uchun NATO ushbu ikki qit’a orasida siyosiy va xavfsizlik masalalari bo’yicha hamkorlik o’rnatish uchun ajoyib imkon yaratgan.
NATO siyosiy va harbiy vositalar orqali o’z a’zolarini himoya qilishga majburiyat olgan. Shuningdek NATOga a’zo bo’lmagan mamlakatlar bilan keng doiradagi xavfsizlikka tegishli, mudofaa va tinchlikni saqlash kabi masalalar bo’yicha muzokara va hamkorlik qilishga ham chorlaydi. Muzokara va hamkorlik orqali NATO o’zining a’zo mamlakatlarning chegaralari va chegaralaridan tashqariidagi nizolarni oldini olishga o’z hissasini qo’shmoqda. NATO demokratiya qadriyatlarini olg’a surishga va kelishmovchiliklarni tinchlik yo’li bilan bartaraf etishga o’z hissasini qo’shmoqda. Masalan diplomatiya yo’llari bilan hal bo’lmasa NATO krizis sharoitlarni oldini olish va tinchlikni saqlash uchun o’zining harbiy kuchlarini yakka holda yoki boshqa mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ishga soladi.
Shuningdek NATOning uchinchi yo’nalishi ham bor. Bular quyidagilardan iboratdir: tezkor ijtimoiy rejalashtirish, Ittifoqdosh va Hamkorlarga tabiiy ofatlar bilan kurashishda yordam berish, shuningdek ilm-fan va tabiatni muhofaza qilish masalalarida hamkorlikni rivojlantirish.
NATO hozirgi kunda 28 mamlakat o’z ichiga olgan tashkilotdir. 1949 -yil 4-aprelda Belgiya, Birlashgan Qirollik, Daniya, Italiya, Islandiya (o’z armiyasiga ega bo’lmagan NATOning yagona aʼzosi, bu mamlakatning tashkilotga kirishining shartlaridan biridir), Kanada, Lyuksemburg, Gollandiya, Norvegiya, Portugaliya, AQSH va Fransiya. Bu davlatlar tashkilotga asos solgan davlatlar hisoblanadi. 1952- yil 18- fevralda Gretsiya, Turkiya, 1955- yil 9-mayda Germaniya (GFR qismi), 1982-yil 30-mayda Ispaniya, 1999-yil 12- martda Vengriya, Polsha, Chexiya, 2004-yil 29-martda Bolgariya, Latviya, Litva, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Estoniya, 2000-yil 1-aprelida esa oxirgi a’zolari Albaniya va Xorvatiya davlatlari a’zo bo’ladi. Bolqondagi yana bir mamlakat NATOga a’zo bo’ldi. 2017-yili tashkilotga Chernogoriya 29 inchi a’zo sifatida qabul qilindi.
Har bir a’zo davlatning NATOning Brusseldagi Bosh ofislarida doimiy delegatsiyasi mavjud. Ushbu qarorgohni boshqaradigan elchi, Ittifoqning maslahat va qaror qabul qilish jarayonlarida o’z hukumati nomidan ishtirok etadi. Tashkilot ichida Shimoliy Atlantika Kengashi eng muhim siyosiy qarorlarni qabul qiladigan organdir. Bu har xil pog’onalarda mavjuddir va a’zolarga asosiy masalalar bo’yicha bitimga kelishishga NATOning Bosh Kotibi boshchilik qiladi. NATOning har bir qo’mitalaridagi hamma qarorlar konsensus yo’li bilan qabul qilinadi. Shuning uchun “NATO qarori” hamma a’zo mamlakatlarning kollektiv ixtiyoridir. NATOning juda kam sonli doimiy qurolli kuchlari bor. Shimoliy Atlantika Kengashi operatsiyani muvofiqlashtirgandan so’ng a’zo mamlakatlar o’zining qurolli kuchlarini o’z xohishiga qarab jo’natishadi. Bu kuchlar missiya tugagandan so’ng o’z mamlaktlariga qaytadilar. Harbiy qo’mondonlik tuzilmaning roli muvofiqlashtirish va operatsiyani o’tkazishdir. Tuzilma qarorgoh va har xil a’zo mamlakatlarda joylashgan bazalardan iboratdir. NATOning kundalik faoliyati, fuqaro va harbiy tuzilmalari va xavfsizlikni sarmoyalash dasturi umumiy byudjet orqali a’zo mamlakatlar bilan kelishilgan holda qiymatlari bo’lingan formula asosida moliyalashtiriladi.
Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Agentlik - (AEXA) - (MAGATE) - Atom energiyasidan foydalanish bo’yicha hukumatlararo tashkilot, BMTning Nyu-York konferensiyasi qaroriga binoan tashkil etilgan. Nizomi 1956-yil sentabrda qabul qilinib, 1957-yil 29-iyulda kuchga kirgan. Bosh qarorgohi - Vena shahri (Avstriya)da. Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Agentlikga 114 ta mamlakat (1997-yil) aʼzo. Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Agentlik maxsus tashkilotlar qatoriga kirishiga qaramay, alohida maqomga ega emas. BMT bilan uning aloqalari 1957-yil 14-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi bilan imzolangan bitimga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu bitim va Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Agentlik Nizomi-ga asosan agentlik har yilda kamida bir marta faoliyati to’g’risida BMT Bosh Assambleyasi yoki zarurat paydo bo’lgan-da uning Xavfsizlik Kengashi oldida hisobot beradi. Agentlikning asosiy maqsadi atom energiyasidan tinchlik yo’lida foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. O’zbekistan Respublikasi 1994-yil 21-yanvarda Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Agentlikga aʼzo bo’lib, xalqaro standartlarni tan olish, atom energiyasidan xalq xo’jaligida foydalanish, radioaktiv moddalar bilan xavf-xatarsiz ishlashda xalqaro standartlar, qonun-qoidalarga rioya qilishni o’z zimmasiga olgan. Agentlik oliy organi - Bosh konferensiya aʼzo davlatlarning vakillaridan tashkil toptan va har navbatdagi sessiyaga yig’iladi. Nizom bo’yicha navbatdan tashqarii sessiyalar o’tkazish ham ko’zda tutilgan. Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Agentlik Boshqaruvchilar Kengashi agentlik ishlab chiqqan dastur, atom energiyasi sohasida umumiy siyosat va boshqaruv ishlarini amalga oshiradi. Mazkur Kengash tarkibiga 35 davlat vakillari kiradi.
Yevropa Ittifoqi -Yevropaning 27 ta davlatidan iborat siyosiy va iqtisodiy birlashmadir. Uning tarixi 1957- yilga, 6 ta Yevropa davlatlari orasida imzolangan Rim bitimi va undan so’ng paydo bo’lgan Yevropa Iqtisodiy Hamkorligiga borib taqaladi. Yevropa Ittifoqi 1992-yilda imzolangan Maastrixt shartnomasiga binoan tuzilgan va 15 ta davlatni o’z ichiga olgan. 2005- yilda Ittifoqning birinchi yirik kengayishi yuz berdi. Unda Ittifoqga 10 ta Yangi davlatlar qo’shildi. Ikki yildan so’ng ular soniga Bulg’oriston hamda Ruminiya davlatlari qo’shilib, hozirgi davrga qadar Yevropa Ittifoqi 27 ta davlatlardan iborat. Ittifoq - o’zida xalqaro tashkilot va federativ davlat xususiyatlarini mujassamlashtirgan davlatlararo uyushma.
Dastlab Yevropa hamjamiyati (Umumiy bozor) nomi bilan atalgan. YI to’g’risidagi Shartnoma 1992-yil Maastrixt shahrida (Niderlandiya) Yevropa ham jamiyatiga aʼzo bo’lgan 12 ta davlat va hukumat boshliqlari imzo chekgan. Yevropa mamlakatlarining siyosiy va valyuta-iqtisodiy ittifoqini vujudga keltirish to’g’risidagi bu shartnoma 1993-yil 1-noyabrdan kuchga kirgan. YI ning maqsadlari: Yevropa xalqlarining mustahkam ittifoqini vujudga keltirish, ichki chegaralari bo’lmagan makon yaratish, iqtisodiy va ijtimoiy o’zaro taʼsirni kuchaytirish yo’li bilan muvofiqlashtirilgan uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyotga yordam berish; iqtisodiy va valyuta ittifoqini tashkil qilish va yagona valyuta yaratish (bu maqsadga 2002-yil yanvarda asosan erishildi); birgalikda tashqi siyosat olib borish va xavfsizlik borasida siyosat yuritish, kelgusida esa birgalikda mudofaa siyosatini ham olib borish yo’li bilan xalqaro sohada o’ziga xos bir hillikni qaror toptirish; adliya va ichki ishlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish; umumiy boylikni saqlab qolish va ko’paytirish.
Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) - mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti. Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001-yil 1- iyunda Shanxay shahrida O’zbekiston, Qozog’iston, Xitoy, Qirg’iziston, Rossiya va Tojikiston imzolagan ShHTni tashkil etish to’g’risidagi deklaratsiya asosida tuzilgan. O’zaro ishonch, do’stlik va yaxshi qo’shnichilikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar, energetika, transport va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, o’zi qamragan mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tashkilotning asosiy maqsad va vazifalari etib belgilangan.
ShHTning Dushanbe (2000) sammitida O’zbekiston Respublikasi birinchi marta kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Ana Shu sammitda “beshlik” negizida ko’p tarmoqli tashkilot tuzish to’g’risida taklif ilgari surildi. ShHT taʼsischilaridan biri sifatida ishtirok etish haqidagi qarorni O’zbekiston o’z milliy manfaatlaridan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mintaqasidagi harbiy-siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda qabul qildi. 2001-yil Shanxay sammitida yangi tashkilotning maqsad va prinsiplarini eʼlon qilgan Deklaratsiya, shuningdek, Terrorizm, ayirmachilik va ekstremizimga qarshi kurash to’g’risidagi konvensiya qabul qilindi. Tashkilotning Sankt-Peterburgda bo’lgan 2-sammitida (2002-yil iyun) ustav hujjati - ShHT partiyasiga imzo chekildi. ShHT ning oliy organi Davlat boshliqlari Kengashidir.
Tashkilot strukturasi Hukumat boshliqlari (bosh vazirlar) Kengashi, Tashqi ishlar vazirlari Kengashi, Tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlari Kengashi, Milliy muvofiqlashtiruvchilar Kengashi va doimiy ishlovchi Kotibiyat (Pekin shahrida joylashgan) hamda Kengashga 6 ta davlat maxsus xizmatlari rahbarlarining vakillari kiritilgan. ShHT aʼzo mamlakatlarni xavfsizlik orqali hamkorlik sari boshlaydigan tashkilotdir. Iqtisodiy hamkorlik borasida oldinda transport infratuzilmasini rivojlantirish, tabiiy, mineral xom ashyo zaxiralarini o’zlashtirish, suv energetika zaxiralaridan unumli foydalanish, ekologiyaga oid va boshqa masalalar bor. Hozirgi vaqtda ShHT tashkilotga a’zo davlatlar O’zbekiston, Qozog’iston, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg’iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Hindiston va Pokiston. Kuzatuvchi maqomidagi davlatlar: Eron, Mo’g’uliston, Belarus, Afg’oniston. Shuningdek muloqat hamkorlari: Ozarboyjon, Armaniston, Kombodja, Nepal, Turkiya, Shri-Lanka davlatlaridir.
Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) — davlatlar o’rtasida xavfsizlik va hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan harakatlarni muvofiqlashtiruvchi va ularning rivojlanish tamoyillarini belgilab beruvchi, Shuningdek, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni demokratlashtirishga ko’maklashuvchi xalqaro tashkilot. Dastlab umum Yevropa Kengashi (AQSh va Kanada ishtirokida) sifatida faoliyat ko’rsatib Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo’yicha Kengash nomi bilan atalgan (1973—91). 1973-yil 3—7-iyulda Helsinki shahrida Kengashning 1-bosqich (Yevropadagi 33 ta davlat tashqi ishlar vazirlari ishtirokida), 1973-yil 18-sentabrdan 1975-yil 21-iyuligacha Jeneva shahrida 2-bosqich (35 ta davlat vakillari ishtirokida) va 1975-yil 30-iyuldan 1-avgustgacha Helsinki shahrida 3-bosqich (35 ta mamlakat siyosiy va davlat rahbarlari ishtirokida) uchrashuvlari bo’lgan. Pirovardida yakunlovchi hujjat qabul qilinib, u Yevropada tinchlikni taʼminlashning muhim omiliga aylangan. Kengashning Madrid konferensiyasi (1991-yil aprel) da Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasini tashkil etishga qaror qilindi (1991-yil iyulda taʼsis etilgan). Yevropada yuz bergan jarayonlar, “sovuq urush” ning tugashi natijasida vujudga kelgan o’zgarishlar Kengashning tashkilot sifatida to’liq shakllanishiga olib keldi. Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga 54 ta davlat aʼzo. Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari 2 yilda bir marta oliy darajada uchrashuv o’tkazadilar. Xavfsizlik va ishonchni mustahkamlash, qurollanish ustidan nazorat masalalarini muhokama qiluvchi xavfsizlik bo’yicha hamkorlik forumi mavjud. Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qarorgohi Vena shahrida.
Kollektiv xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti. Kollektiv xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti 1992-yil 15-mayda Toshkentda tuzilgan. O’shanda Armaniston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Rossiya, Tojikiston va O’zbekiston kollektiv xavfsizlik to’g’risidagi shartnomani imzolagan. 1993-yil 9-sentyabrda Gruziya, 24-sentyabrda Ozarbayjon va 31-dekabrda Belarus Shartnomani imzolagan va KXSHTga a’zo bo’lgan. Shartnoma 1994-yil 20-apreldan kuchga kirgan. Shartnoma uzaytirilishi ko’zda tutilgan holda besh yilga tuzilgan. 1999- yil 2-aprelda Armaniston, Belarus, Qozog’iston, Qirg’iziston, Rossiya va Tojikiston prezidentlari Shartnomani yana besh yil muddatga uzaytirish to’g’risidagi protokolni imzolagan, ammo Ozarbayjon, Gruziya va O’zbekiston shartnomani uzaytirishni istamagan va tashkilotdan chiqqan. 2006-yil 16- avgustda O’zbekiston KXSHT tarkibiga qaytadan kirib, 2012-yil 28-iyunda KXSHTga a’zoligini to’xtatib turishini bildirgan. KXSHTning maqsadi shartnomaga a’zo davlatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi siyosiy tajovuzlardan hamda yirik miqyosdagi tabiiy ofatlardan birgalikda armiya va boshqa yordamchi bo’linmalar yordamida himoya qilish hisoblanadi. Tashkilot yagona harbiy-siyosiy ittifoq sifatida jangovar operatsiyalarda biron marta ham ishtirok etmagan.
Bosh sahifa - Mundarija