Kirish
Ilm-fan jadal taraqqiy etayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlari vositalari keng joriy etilgan jamiyatda turli fan sohalarida bilimlarning tez yangilanib borishi, ta’lim oluvchilar oldiga ularni jadal egallash bilan bir qatorda, muntazam va mustaqil ravishda bilim izlash vazifasini qo’ymoqda. Jumladan oliy o’quv yurti talabalarining bilim va ko’nikmalarini oshirish, sifat jihatdan takomillashtirish bugungi kunning dolzarb vazifalardan biridir. O’zbekiston Respublikasida uzluksiz ta’lim tizimini isloh qilish kelajakda yosh avlodni yuqori kasbiy madaniyat, ijodiy va ijtimoiy faollik, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil qatnasha olish, erkin fikr yuritish qobiliyatlarini shakllantirishga yo’naltirilgan. Mazkur masalalar o’z navbatida talabalarning bilim darajasi va faolligini oshirishni va yangi zamonaviy o’quv adabiyotlarni yaratishni talab qiladi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorida yangi avlod o’quv adabiyotlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilgani bu masalalarning qanchalik dolzarb ekanligidan dalolat beradi.
Talabalar ilmiy dunyoqarashini kengaytirishning qayd etilgan uzluksizligida tegishli topshiriqlar berishda o’tiladigan fanlar mazmuni ko’proq ahamiyatga ega. Chunki oliy ta’lim muassasalarida talabalarning ilmiy dunyoqarashi asosan o’qitiladigan fanlarning mavzulari va ularga tegishli ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlari asosida shakllanadi.
Talabalar dunyoqarashi, shu jumladan ilmiy dunyoqarashini kengaytirishda geografiyaga oid fanlarni o’rni alohida ahamiyatga ega. Jumladan siyosiy geografiya fani oliy ta’lim muassasalaridagi geografiya yo’nalishida tahsil oladigan talabalarning nafaqat dunyoviy balki siyosiy savodxonligini oshishida, global miqyosdagi siyosiy jarayonlarni tushunishida, globallashuvning siyosiy jarayonlarga bo’lgan ta’siri va xalqaro siyosiy-huquqiy oqibatlarini, muayyan siyosiy doiralar, markazlar va davlatlarning geografik mintaqalarni o’z ta’sir doirasiga bo’ysundirishga qaratilgan siyosatni tushunish va ulardan kerakli xulosalarni chiqarishda muhim rol o’ynaydi. XXI axborot asrida dunyoning har bir mamlakati aholisi dunyo miqyosida bo’layotgan voqea-hodisalar haqida bilish va ulardan kerakli xulosalar chiqarishi mazkur fanning amaliy ahamiyatidir.
Ushbu qo’llanmadan talabalar amaliy mashg’ulot darslarida dunyo siyosiy xaritasi va unda davlatlarning aks ettirilishi, jahon mamlakatlarini hududiy shakliga ko’ra turlarga ajratish, davlatlarning siyosiy-hududiy tarkibi, boshqaruv shakli, davlat tuzumi bo’yicha, jahonning yirik siyosiy, iqtisodiy tashkilotlari, yetakchi yettilik davlatlarining siyosiy-hududiy tuzilishi va geosiyosiy salohiyati, turli geosiyosiy jarayonlarning tahlili, O’zbekistonning dunyo siyosiy xaritasida tutgan o’rni, siyosiy-hududiy tuzilishini o’rganish va baholash, tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasi kabi amaliy mashg’ulot ishlarini bajaradilar. Shuningdek talabalar ma’ruza mavzulari bo’yicha olgan bilim va ko’nikmalarini mazkur qo’llanmadan foydalangan holda amaliyot mashg’ulot darslarida yanada boyitadilar.
Ushbu qo’llanmani tayyorlashda o’zlarining qimmatli maslahatlari orqali yaqindan yordam bergan ustozlarimiz Samarqand davlat universiteti “Ijtimoiy-iqtisodiy geografiya” kafedrasi professor-o’qituvchilari dots.T.J.Jumaboyev, dots.M.A.Kadirov, dots.M.R.Usmanovlarga shuningdek qo’llanmaning texnik ishlariga yaqindan yordam bergan talabalarimiz M.Z.Sharipova va M.A.Davranovalarga o’zimizning chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz.